Toshkent viloyati hududiy saylov komissiyasi raisi Ulug‘bek To‘xtayev va a’zolar ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi

27.10.2024

228

msk_yangiliklari_in

Toshkent viloyati hududiy saylov komissiyasi raisi Ulug‘bek To‘xtayev va a’zolar ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi

 

Unda mas’ullar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovining Toshkent viloyatida qay tarzda o‘tayotgani haqida ma’lumot berildi.

 

Qayd etilganidek, mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi viloyat hududidagi 1 ming 6 ta saylov uchastkasidaham saylov “Mening tanlovim – obod Vatanim” shiori ostida ovoz berish jarayonlari boshlandi.

 

Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga ko‘ra, jami ovoz beruvchilarning umumiy soni 1 million 853 ming 879 nafarni tashkil etmoqda. Ulardan 4 ming 800 nafari ilk bor saylovda ishtirok etayotgan yoshlardir.

 

Muddatidan oldin ovoz berish joriy yilning 16-23-oktyabr kunlari bo‘lib o‘tdi. Viloyat aholisining 91 ming 932 nafari muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalandi.

 

   

 

Ayni chog‘da saylov uchastkalaridagi ovoz berish jarayonlarini siyosiy partiyalar vakolatli vakillari, ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro kuzatuvchilar kuzatib bormoqda. Shu paytgacha saylovga oid qonunchilik buzilishi yuzasidan murojaat kelib tushmadi.

 

Shundan so‘ng komissiya a’zosi Nigora O‘rolova tomonidan saylovlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin va hech qanday to‘siqlarsiz amalga oshirilishini ta’minlash borasidagi ishlar yuzasidan axborot berdi.

 

Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylovdagi ishtiroki uchun tegishli infratuzilmaviy sharoitlar yaratildi. Joylardagi barcha saylov uchastkalariga Brayl alifbosi asosida tayyorlangan trafaretlar yetkazildi.

 

Ovoz berish xonalariga maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalari joylashtirildi. Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi saylovchilar mavjud bo‘lgan ayrim saylov uchastkalarida optik lupalar yetkazildi. Uchastka binolari nogironlar aravachasiga moslashtirilgan nishab yo‘laklari (panduslar) yoki “yordamga chaqirish” tugmasi bilan jihozlandi.

 

Matbuot anjumanida jurnalistlar saylov jarayonlari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mas’ullardan javoblar oldi.

 

Toshkent viloyati hududiy saylov komissiyasi

 

Matbuot markazi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur