Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasi Kengashi bosh kotibi maslahatchisi Sergey Karavayev va mazkur tashkilotning Parlamentlararo Assambleyasi DRMXI eksperti Stanislav Tkachenko Toshkent viloyati hududiy saylov komissiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Xalqaro kuzatuvchilar Nurafshon shahrida joylashgan binodagi yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Ularga saylov stendlari, Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha xaritasi, fuqarolarni qabul qilish xonasi, komissiya a’zolari xonasi, matbuot markazi ko‘rsatildi. Shu bilan birga, joylarda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishni tashkil etilishi, shu kunlarda bo‘layotgan barcha tashkiliy ishlar haqida komissiya raisi Ulug‘bek To‘xtayev va a’zolardan atroflicha ma’lumot oldi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda joriy yilning 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari deputatlari saylovini yuqori saviyada o‘tkazishga puxta hozirlik ko‘rilmoqda. Xususan, Toshkent viloyatida ham tuzilgan hududiy saylov komissiyasi tomonidan shu kunlarda muhim siyosiy kampaniyaga tayyorgarlik ishlari uyushqoqlik bilan davom etmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga Toshkent viloyatida bir mandatli 7 ta saylov okrugi tuzildi hamda Respublika partiya Kengashlari tomonidan 35 nafar nomzod ko‘rsatildi. Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashiga 60 ta saylov okruglari tuzildi. 60 ta saylov okrugiga 5 ta partiyadan 300 nafar nomzod ko‘rsatildi. Shahar-tumanlarda deputatlik o‘rinlariga jami 530 ta o‘rin belgilangan bo‘lib, to‘liq nomzodlar taqdim etildi. Hududda 1 ming 6 ta saylov uchastkasi tuzildi.
O‘tgan davr mobaynida saylov qonunchiligi bo‘yicha biriktirilgan trenerlar tomonidan tuman va shaharlardagi uchastka saylov komissiyalari raisi, rais o‘rinbosari va kotiblariga o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazib, malakasi oshirildi. Ayni paytda tayyorgarlik ishlari davom etyapti.
Shuningdek, suhbat davomida xalqaro kuzatuvchilar hududidagi saylov uchastkalarida yaratilgan qulayliklarga ham qiziqdi.