Nogiron saylovchilarga barcha qulayliklar mavjud

27.10.2024

236

msk_yangiliklari_in

Xabaringiz bor, bugun yurtimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlarining saylovi o‘tkazilmoqda. Unda, nogironligi bor shaxslarning mamlakat kelajagi uchun muhim bo‘lgan siyosiy jarayonlarda faol ishtiroki katta ahamiyatga ega. Shu maqsadda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan 18 yoshdan oshgan, ovoz berish layoqatiga ega bo‘lgan nogironligi bor shaxslarning ro‘yxati Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etilgan.

 

Xususan, Toshkent viloyatida hozir 62 ming 212 nafar nogironligi bor shaxslar ovoz bermoqda. Shundan 8 ming 375 nafari ovoz berishda ko‘makka muhtoj shaxslar, 1 ming 430 nafari o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslardir.

 

 

Nogironligi bor shaxslarning saylov uchastkalarida mustaqil harakatlanishida inklyuzivlikni ta’minlash uchun joylarda bir qator qulayliklar yaratildi. Jumladan, uyda ovoz beruvchi shaxslar uchun saylov komissiyasi a’zolari tomonidan yashash manziliga borgan holda ovoz berish imkoni yaratildi. Ayniqsa, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar uchun gavjum joylarda bepul transport qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

 

Saylov uchastkasiga esa mustaqil boruvchi shaxslar uchun alohida jihozlangan yashirin ovoz beruvchi kabinalar o‘rnatildi. Qolaversa, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan saylov uchastkalarini binolarning birinchi qavatida joylashganiga alohida e’tibor qaratildi.

 

Toshkent viloyati hududiy saylov komissiyasi matbuot markazi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur