OAVni akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi

O‘zbekiston Respublikasining referendumida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish  tartibi to‘g‘risidagi

NIZOM

 

Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida” hamda “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining referendumini (bundan buyon matnda referendum deb yuritiladi) yoritish uchun xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari (bundan buyon matnda OAV deb yuritiladi) vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibini belgilaydi.

I bob. Umumiy qoidalar

1. OAV vakillari referendumda xolis axborotlarni keng, tezkor va erkin tarqatish, shuningdek o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tashkil etishi uchun akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.

OAV vakillarining vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (bundan buyon matnda MSK deb yuritiladi) tomonidan berilgan guvohnomalar bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

2. OAV referendum tayinlash to‘g‘risidagi qaror eʼlon qilingan kundan boshlab, referendum o‘tkazilishiga kechi bilan o‘n kun qolguniga qadar MSKga o‘z vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida murojaat qilishlari mumkin.

3. MSK tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan OAV vakiliga mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi guvohnoma beriladi.

4. OAV vakillari vakolat muddati unga akkreditatsiyadan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma berilgan kundan boshlanadi va referendum yakunlari rasman eʼlon qilingan kuni tugaydi.

II bob. Mahalliy OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish

5. Referendumda mahalliy OAV vakillari MSK tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.

6. Referendumni yoritish maqsadida mahalliy OAV rahbarlari MSKga ariza bilan murojaat qiladi.

Mahalliy OAVning arizasida akkreditatsiyaga taqdim etilgan xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi ko‘rsatiladi hamda quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

xodimning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;

mahalliy OAVning davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi nusxasi;

har bir xodim uchun to‘ldirilgan OAV vakilini akkreditatsiyadan o‘tkazish anketasi;

xodimning elektron fotosurati (oq fonda jpeg formatda, 3x4 sm o‘lchamda kamida 100 KV, 600x600r ko‘pi bilan uch oy oldin tushirilgan bo‘lishi hamda xodimning yuzi va yelkalarining yuqori qismi ko‘rinib turishi kerak).

Mahalliy OAV vakilini akkreditatsiyadan o‘tkazish uchun ariza va anketa mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq to‘ldiriladi.

Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar MSKga elektron shaklda yuboriladi. Bunda mazkur bandning ikkinchi – beshinchi va yettinchi xatboshisida nazarda tutilgan hujjatlar pdf formatda bo‘lishi lozim.

7. Murojaat besh kun ichida ko‘rib chiqilib, MSKning qarori asosida mahalliy OAV vakiliga akkreditatsiyadan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma beriladi.

III bob. Xorijiy OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi

8. Referendumda xorijiy OAV vakillari MSK tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.

9. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida (bundan buyon matnda TIV deb yuritiladi) akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy OAV vakillarini MSKdan akkreditatsiyadan o‘tkazish uchun tegishli OAV muxbirlik punkti (byurosi, ofisi) rahbari MSKga murojaat qiladi.

Murojaatda akkreditatsiyaga taqdim etilgan xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi ko‘rsatiladi hamda quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

xodimning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi;

har bir xodim uchun to‘ldirilgan OAV vakilini akkreditatsiyadan o‘tkazish anketasi;

TIV tomonidan akkreditatsiya qilinganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi nusxasi;

xodimning elektron fotosurati (oq fonda jpeg formatda, 3x4 sm o‘lchamda kamida 100 KV, 600x600r, ko‘pi bilan uch oy oldin tushirilgan bo‘lishi hamda xodimning yuzi va yelkalarining yuqori qismi ko‘rinib turishi kerak).

Hujjatlar MSKga elektron shaklda yuboriladi. Bunda mazkur bandning ikkinchi – beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hujjatlar pdf formatda bo‘lishi lozim.

Murojaat besh kun ichida ko‘rib chiqiladi va MSK qarori asosida xorijiy OAV vakiliga akkreditatsiyadan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma beriladi.

10. TIVdan akkreditatsiyadan o‘tmagan xorijiy OAV vakillari referendumni yoritish maqsadida TIVga murojaat qiladilar. Murojaatga:

ommaviy axborot vositasi to‘g‘risida maʼlumotnoma-axborot;

akkreditatsiyaga taqdim etilgan xodimning tarjimayi holi maʼlumotlari, uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi va 3x4 sm. o‘lchamdagi ikki dona fotosurati ilova qilinadi.

11. TIVdan akkreditatsiyadan o‘tmagan xorijiy OAV vakillarining murojaati taqdim etilgan kundan keyin ikki haftadan kechikmay TIV tomonidan ko‘rib chiqiladi. Mazkur Nizomning 10-bandida qayd etilgan maʼlumotlar ko‘rsatilmagan, shuningdek belgilangan muddatda berilmagan murojaat ko‘rilmasdan qoldiriladi.

12. TIV xorijiy OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida MSKga taqdimnoma kiritadi.

Taqdimnoma besh kunlik muddat ichida ko‘rib chiqilib, MSK qarori asosida xorijiy OAV vakiliga akkreditatsiyadan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma beriladi.

IV bob. OAV vakilining huquq va majburiyatlari

13. OAV vakili:

referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish;

referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning majlislarida hozir bo‘lish;

referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning qarorlari nusxalarini OAVda yoritish uchun olish;

muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti va joyi haqida xabardor bo‘lish hamda ushbu jarayonni kuzatish;

referendum kuni ovoz berish xonalarida, shu jumladan ovozlarni sanab chiqishda hozir bo‘lish;

referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning faoliyatiga hamda ovoz berish jarayoniga halaqit bermasdan va ovoz berishning yashirinligini buzmasdan foto, video, audio yozuvlarni amalga oshirish (qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylari, harbiy qismlar, davolash muassasalarida tashkil etilgan referendum uchastkalari bundan mustasno);

fuqaroning turgan joyida uning ruxsati bilan ovoz berish jarayonida hozir bo‘lish;

referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyasi tomonidan uchastka komissiyalaridan ovozlarni sanab chiqish natijalari to‘g‘risidagi bayonnomalarni qabul qilib olishi hamda okrug bo‘yicha ovoz berish yakunlarini aniqlash jarayonida hozir bo‘lish;

referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uning o‘tkazilishi bo‘yicha o‘z fikrini bayon qilish huquqiga ega.

OAV vakili qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlardan ham foydalanadi.

14. OAV vakili:

o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonun, ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari va MSKning qarorlariga amal qilishi;

referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning binolari (xonalari), majlislari va matbuot anjumanlarida guvohnomani boshqalarga ko‘rinadigan tarzda doimo taqqan bo‘lishi;

majlislar, matbuot anjumanlari, ovoz berish va boshqa tadbirlar tashkil etiladigan binoning o‘zlari uchun ajratilgan joyida referendumga tayyorgarlikning borishi va u qanday o‘tayotganligini yoritishi;

referendum jarayonini yoritishda referendum o‘tkazuvchi komissiyaning faoliyatiga hamda ovoz berish jarayoniga xalaqit bermasligi;

referendum o‘tkazuvchi komissiyalarga, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari va boshqa tashkilotlarga tashrif buyurganida unga berilgan guvohnomani hamda o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni yonida olib yurishi hamda mansabdor shaxslar talabiga muvofiq ularni ko‘rsatishi shart.

15. OAV vakiliga quyidagilar man etiladi:

konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishni maqsad qilib qo‘yuvchi, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib qiluvchi, xalqning sog‘lig‘i va maʼnaviyatiga tajovuz qiluvchi axborotlarni tarqatish;

ovoz beruvchilarga taʼsir o‘tkazish, qonunga xilof ravishda biron-bir tashviqot materiali yoki adabiyotini tarqatish;

ovoz beruvchi ovoz berish byulleteniga o‘z belgisini qo‘yayotgan paytda ovoz berish kabinasida yoki xonasida bo‘lish;

ovoz beruvchilardan ular qanday ovoz berganliklarini surishtirish yoki ularga ovoz berish byulleteniga belgi qo‘yishda biron-bir tarzda yordam ko‘rsatish;

referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan ovoz berish qutilari muhrlanayotgan, ochilayotgan, ovozlar sanab chiqilayotganda aralashish;

referendum kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, referendum natijalari prognozlarini, o‘tkazilayotgan referendum bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni eʼlon qilish.

16. OAV vakili harbiy qismlarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan referendum uchastkalariga borishi haqida tegishli referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasini kamida uch kun oldin xabardor qilishi kerak.

17. OAV vakili referendum o‘tkazuvchi komissiyalarning majlislari, matbuot anjumanlari va boshqa tadbirlarda (bundan buyon matnda tadbir deb yuritiladi) ishtirok etishi haqida tegishli referendum o‘tkazuvchi komissiyani oldindan xabardor qilishi kerak. Bunda referendum o‘tkazuvchi komissiya OAV vakillarining tadbirlarda ishtirok etishi uchun zarur sharoit yaratish choralarini ko‘radi.

Referendum o‘tkazuvchi komissiya OAV vakillarining tadbirda ishtirok etishi uchun ro‘yxatdan o‘tish muddati, tadbirni o‘tkazish joyi va boshqa tashkiliy masalalarni eʼlon qiladi.

18. Ovoz beruvchining ovoz berish kabinasida yoki xonasida byulletenni to‘ldirish jarayonini suratga yoki videoga olish, uni tarqatish, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish taqiqlanadi.

Ommaviy axborot vositasi vakili ovoz berish sirini oshkor qilsa yoxud fuqarolarning xohish-irodasiga taʼsir ko‘rsatishga harakat qilsa, u ovoz berish binosidan darhol chiqarib yuboriladi. Bu haqda uchastka komissiyasi qaror qabul qiladi.

19. Quyidagilar OAV vakilini akkreditatsiyadan o‘tkazishni rad etish uchun asos hisoblanadi:

a) akkreditatsiyadan o‘tkazish uchun hujjatlar to‘liq taqdim etilmaganda;

b) anketa to‘liq va to‘g‘ri to‘ldirilmagan bo‘lsa;

v) mazkur Nizomda belgilangan muddatlarga rioya etilmaganda;

g) OAV akkreditatsiyadan o‘tayotgan davrda doimiy faoliyat yuritmaganda;

d) veb-sayt sifatida ro‘yxatdan o‘tgan OAVning hujjatlarida ko‘rsatilgan veb-sayti mavjud bo‘lmaganda;

e) OAVning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi sud tomonidan haqiqiy emas deb topilgan bo‘lsa;

j) OAVning chiqarilishi to‘xtatib turilganida yoki tugatilganida;

z) akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizada yoki unga ilova qilingan hujjatda ko‘rsatilgan maʼlumotlar haqiqatga mos kelmasa;

i) OAVning O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritishi sud qaroriga muvofiq cheklangan yoki taqiqlanganda;

y) OAV qayta ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bo‘lsa (agar OAV ro‘yxatdan o‘tkazilganidan so‘ng muassis to‘g‘risidagi maʼlumotlar, OAVning nomi, tili va turi, maqsad va vazifalari haqidagi maʼlumotlarga o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lsa).

MSK matbuot xizmati OAVga akkreditatsiyadan o‘tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarida mavjud kamchiliklarni bartaraf etishni taklif qilishi mumkin.

Hujjatlarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bir kunlik muddatda bartaraf etilmagan taqdirda, OAV vakilini akkreditatsiyadan o‘tkazish rad etiladi.

OAV vakilini akkreditatsiyadan o‘tkazish rad etilganida, bu haqda alohida qaror qabul qilinmaydi hamda OAVga uning rad etilganligi to‘g‘risida mazkur Nizom va (yoki) qonunchilik normalariga asoslangan javob beriladi.

OAV mazkur bandning “a” va “b” kichik bandlarida nazarda tutilgan kamchilikni bartaraf qilgan holda referendumga o‘n kun qolguniga qadar MSKga qayta murojaat qilishi mumkin.

20. Quyidagi hollarda OAV vakilining akkreditatsiyasi MSKning qarori bilan muddatidan ilgari tugatilishi mumkin:

OAV vakili “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonun, ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari, MSKning qarorlari talablari va ushbu Nizom qoidalarini buzganida;

OAVning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi sud tomonidan haqiqiy emas deb topilgan bo‘lsa;

akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizada yoki unga ilova qilingan hujjatda ko‘rsatilgan maʼlumotlar haqiqatga mos kelmasa;

akkreditatsiya qilingan xodim bilan OAV tahririyati o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganda;

xodimning akkreditatsiyasini bekor qilishni so‘rab OAV tahririyati tomonidan MSKga yozma murojaat yo‘llangan taqdirda;

OAVning chiqarilishi to‘xtatib turilganida yoki tugatilganida.

21. MSK OAV vakilini akkreditatsiyadan o‘tkazish, akkreditatsiyadan o‘tkazishni rad etish va uning akkreditatsiyasini muddatidan ilgari tugatish masalalarini har tomonlama ko‘rib chiqish va asoslangan qaror qabul qilish uchun zarur bo‘lgan maʼlumotlar, qarorlar va boshqa hujjatlarni, davlat organlari va boshqa tashkilotlardan so‘rashga va olishga haqli.

22. Akkreditatsiyadan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma yo‘qotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda OAV vakilining murojaatiga asosan bir ish kunida guvohnomaning dublikati beriladi. Bunda guvohnomaning yuqori o‘ng burchagiga “Dublikat” deb yoziladi.

23. Akkreditatsiya qilingan xodim ishdan bo‘shatilgan taqdirda OAV tahririyati bu haqda darhol MSKni xabardor qiladi.