Toshkent viloyati Hududiy saylov komissiyasi muhim masalalarni ko‘rib chiqdi.

15.08.2024

164

msk_yangiliklari_in

Toshkent viloyati Hududiy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda komissiyasi raisi Ulug‘bek To‘xtayev va a’zolar tomonidan kun tartibidagi belgilangan bir qator masalalar ko‘rib chiqildi.

 

Dastlab Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining tarkibini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

 

Qayd etilganidek, bu yil xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlarni tasdiqlash uchun Hududiy saylov komissiyasiga tavsiya etish hamda Hududiy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlash jarayonlari “E-saylov” axborot tizimi orqali amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi.

 

 

Okrug saylov komissiyasi a’zoligiga yigirma bir yoshga to‘lgan, o‘rta yoki oliy ma’lumotga, qoida tariqasida, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish borasida ish tajribasiga ega bo‘lgan, aholi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari nomzod etib ko‘rsatildi.

 

Shuningdek, okrug saylov komissiyasi tarkibini shakllantirishda xotin-qizlarning huquq hamda imkoniyatlari, shuningdek yoshlar ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor berildi. Bunda okrug saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlardagi xotin-qizlarning ulushi viloyat bo‘yicha amalda 50 foizni tashkil etmoqda.

 

 

Shundan so‘ng hududiy saylov komissiyasi a’zolari o‘rtasida vazifalar taqsimoti ko‘rib chiqildi. Hududiy saylov komissiyasi huzurida matbuot markazini tashkil etish va faoliyatini qonuniylik, ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillari asosida amalga oshirish borasida kelishib olindi.

 

Kun tartibidagi barcha masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur